HAYO IYMONDANDIR

Hayo arabcha soz bo’lib, o’zbek tiliga or, nomus, andisha, o’zini yomon ishlardan man’ etish va buni bajaradigan tuyg’u demakdir. Hayo dinimizda iymonga tenglashtiriladi. Bir jumla bilan ifodalaganda hayo uyalish va or tuyg’usi bo’lib, uyalish kerak holatlardan tiyilish va nafsning kirli orzularini tark qilishdir.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, uyalganidan keyin birodarini bu odatini tark qilishini aytgan Madinalik bir musulmonning yonidan o’tar ekan unga:

“Uni oz holiga qo’y: zero hayo iymondandir[1]”, deb buyurdilar.

Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday buyuradilar:

Hayo faqat xayr (yaxshilik) qozondiradi[2]

Yuqorida hadislarni takror bayon qiladigan bo’lsak:

Madinalik ikki ansoriy birodar hayo mavzusida gaplashib turgan edilar. Ularning biri ikkinchisiga ko’p uyalishlik inson haqlariga erisholmay qolishiga sabab bo’lishini aytib, bu odatidan voz kechishini tavsiya etib turganida, shu vaqt Rasululloh ularning suhbatini eshitib, birodariga nasihat qilgan ansoriyga:

“Uni o’z holiga qo’y zero hayo iymaondandir” deb buyurdilar.

Bazi muhim mavzularda majoziy ifodalar bilan tushuntirishni foydali deb bilgan rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu safar huddi shu uslubni qo’lladilar. Uning “Hayo imondandir” so’zi bilan tushintirmoqchi bo’lganlari shudir: Imon insonni yomon ishlarni qilishdan qanchalik qaytarsa, hayo ham huddi iymon kabi insonni yomon ishlarni qilishiga fursat bermas, uni yomonliklar qilishdan voz kechiradi. Insonga isonligini eslatadi. Uni qaysidir bir hayvon emas balki u mukarram inson ekanligini, ongli mavjudod ekanligini his qildirib turadi. Mana shu holatni majoziy manoda hayo iymondandir deb bayon qildilar. Shu holatda hayo insonni faqatgina yaxshilik sari chorlaydi va muvaffaqqiyat qozondiradi.

Mavzuga boshqa tomondan ham qarash mumkin. Mukammal talqinlar bilan tushuna oladigan kishilar insonlarning ko’zi oldida misol uchun avrat joylarini ochishdan yoki jinsi munosabatda bo’lishdan uyaladilar. Bunday uyalish tuyg’usi qaysi din vakili bo’lsa bo’lsin butun insoniyatning fitratiga xosdir. Or-nomus tuyg’usini butunlay yo’qotmagan kishilar hayosiz ishlarni qilishdan tiyilgani kabi, dindor insonlar ham dinning harom hisoblagan gunohlardan uzoq turadilar. Natijada insonlar bir tomondan uyalish tuyg’usi yana bir tomondan Allohdan qo’rqish hissi soyasida o’zlariga yarashmagan ishlardan qochadilar. Shunday ekan qayerdan paydo bo’lsa, bo’lsin hayo, or, uyalish tuyg’ulari boshdan oyoq yaxshilik hisoblanib, insonni faqatgina yaxshilikka yetkazadi. Tushunilgani kabi bu asl tuyg’u insonning haqqiga erishishi uchun to’sqinlik qilmaydi. Insonning rizqini topishi va haqqiga erishishi uchun to’sqinlik qiladigan hayo emas, balki tortinchoqligi, qo’rqoqligi va hech bir ishni uddalay olmasligidir. Hayo tuyg’usini bu salbiy odatlar bilan aloqasi yo’qdir. Bugungi kunda, hayo tuyg’usi zaiflashib bormoqda. Zamonaviylik mafkurasi, uyalish hayo tuyg’usini bir chekkaga surib qo’yib, zamonaviy bo’lish kerak, Yevropa madaniyani yoshlarga singdirish kerak degan g’oya bilan yoshlar onggini buzib, ularning asl ma’naviyati, ajdodlarining urf odatlarini musulmoncha hayo madaniyatini unuttiryapti. Shu sababdan inson fitratidagi hayo tuyg’usi kundan kunga zaiflashib bormoqda. Rog’ib al-Isfahoniy shunday deydi: Hayo qo’rqoqlik va iffatning bir joyga kelishidan paydo bo’lgan. Shu sababdan hayo qilgan kishi fosiq bo’lmaydi. Jasur kishining hayo sohibi bo’lishi nodirdir.

Hayo uyalish tuyg’usi, inson va mo’minning shaxsiyatiga yarashmagan yomon odatlarni yo’q qiladi. Iymon insonni yomon ishlardan va gunohlardan uzoq tutadi. Shunday ekan hayo iymonni yuksaltirib, kamol topishi uchun yordam beradi.

 

 

 

[1] Buxoriy, Iymon 16, Adab al-Mufrod 77; Muslim, Imon 57-59

[2] Muslim, Iymon 60

 

Boboxo’jayev Sa’dulla - Imom Termiziy xalqaro tadqiqot markazi ilmiy xodimi