RAMAZON RAHMAT OYIDIR

Ramazon – xayr-ehson va baraka oyidir. Bu oyda mo’min-musulmonlar ro‘za tutib, ibodatlarini ziyoda qiladilar, ehtiyojmandlarga yordam berish orqali xayr-ehsonni ko’paytiradilar. Ramazon faqatgina ochlik va chanqoqni his qilish emas, balki insonning qalbini poklash, gunohlardan tiyilish va yaxshilik qilish uchun ham bir imkoniyatdir. Ramazon rahmat, mehr-muhabbat, muruvvat oyidir. Bu oyda qilinadigan savob amallarning ajru mukofoti beqiyosdir. Bu oyda qilingan xayr va ehsonlarning mukofoti ham ulug‘roq darajadadir. Shu nuqtai nazardan Ramazon oyi savob ishlar umidida bo‘lgan saxovatpesha insonlar uchun eng qulay imkoniyatdir.

Ushbu oyning fazilatlari xususida Abu Hurayra raziyallohu anhudan qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz shunday deganlar: “Ramazon oyi boshlanganda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi”. Ushbu hadisda keltirilgan ta’rif orqali ham Ramazon oyining mo‘min-musulmonlar uchun naqadar fazilatli oy ekanligi ravshanlashadi.

Prezidentimiz tomonidan har yili mamlakatimizda Ramazon oyini munosib kutib olish maqsadida maxsus qaror qabul qilinib, ushbu qaror asosida Ramazon oyida dinimizga xos bo‘lgan odamiylik, do‘stlik, mehr-oqibat, saxovat va muruvvat g‘oyalari namoyon bo‘ladi. O‘tganlar yod etilib, ularning ortlarida qolgan oila-a’zolariga moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish masalasiga alohida ahamiyat qaratiladi.

Joriy yil 27-fevralda yurtboshimizning “Muborak ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ham ona zaminimizda ushbu muborak oyni har tomonlama ko‘tarinki ruhda o‘tkazish borasida huquqiy asos vazifasini bajarmoqda. Har yili mamlakatimizda ushbu muborak oyda Ramazonning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan odamiylik, inson qadrini ulug‘lash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida ahamiyat qaratiladi. Moddiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan yurtdoshlarimizning xonadonlarida, mahallalarda iftorlik dasturxonlari tashkil etilib, bemorlarning holidan xabar olinadi, masjidlarimizda Qur’oni karim xatmlari amalga oshiriladi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi uchun duolar qilinadi.

Kuni kecha Prezidentimiz ishtirokida butun mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilgan iftorlik dasturxoni ham Ramazon oyining mohiyatida aks etgan bahamjihatlik, birodarlik, bag‘rikenglik g‘oyalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladigan tadbirlardan biri bo‘ldi. Tadbirda har bir vatandoshimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishi, uni mustahkamlash uchun sidqidildan harakat qilishi lozimligi, ehtiyojmand insonlarga nisbatan mehr-muruvvatli, saxovatli bo‘lishi lozimligi ta’kidlab o‘tildi. Alloh taolo mukarram qilgan insonni moddiy-ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar xalqimiz ongu shuurida dinimiz belgilab bergan go‘zal fazilatlarning mustahkamlanishiga, bahamjihatlik g‘oyalarining rivojiga, Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy-ma’rifiy poydevorga ega bo‘lishiga imkon yaratadi.

 

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i