"Ислом дини ривожига ҳисса қўшган буюк аллома,
ватандошимиз Абу Исо Термизий ва Термизий
алломаларнинг беназир меросини илмий асосда
чуқур ўрганиш ва халққа етказиш ўта муҳим ишдир."
Toshkoʻprizodaning ilmlar tasnifi masalasidagi tadqiqoti oʻrta asr Sharq namoyondalari ishini toʻldirdi. U nafaqat oʻzidan oldin oʻtgan olimlarning yutuqlarini oʻzlashtirdi, balki ilmiy tafakkur rivojlanishiga munosib va sezilarli hissasini qoʻshdi. Ilmlar tasnifining Toshkoʻprizoda tomonidan tadqiq qilinishi, toʻldirilishi, atroflicha tahlil qilinishi birinchidan, shu sohaning yanada rivojlanishiga qulay imkoniyat yaratgan boʻlsa, ikkinchidan, Sharq ilk oʻrta asr olimlari bilan keyingi asrlar olimlar ijodini bogʻlovchi ko‘prik vazifasini bajargan.
“Mavduot al-ulum” asarida Toshkoʻprizoda ilmlarni 7 ta asosiy guruhga ajratgan: I.Yozuv ilmi (2 qismga boʻlingan boʻlib, jami 9 ta ilm); II. Soʻz ilmi (3 qismga boʻlingan boʻlib, jami 42 ta ilm); III. Xatolardan saqlanish ilmi (jami 7 ta ilm); IV. Nazariy falsafa (3 qismga boʻlingan boʻlib, jami 121 ta ilm); V. Amaliy falsafa (jami 6 ta ilm); VI. Shariat (din) ilmi (7 qismga boʻlingan boʻlib, jami 110 ta ilm); VII. Botiniy ilm (3 qismga boʻlingan boʻlib, jami 31 ta ilm). Tasnifda umumiy 326 ta ilm keltirilgan. Asarda islomiy (shariat) ilmlar 6-guruhdan joy olgan boʻlib, 7 ta qismga ajratilgan holda tasniflangan va quyidagi tartibda shakllantirilgan:
1. Oʻqish (Qur’on) haqidagi ilm: 1) Istisnolarni bilish va ularning haqiqiysidan farqlash ilmi; 2) Harflarni toʻgʻri talaffuz qilish haqidagi ilm; 3) Soʻzlarni toʻgʻri talaffuz qilish haqidagi ilm; 4) Qur’onni oʻqishdagi toʻxtalishlar haqidagi ilm; 5) Qiroat qilishdagi nuqsonlar haqidagi ilm; 6) Qur’onni toʻgʻri koʻchirib yozish haqidagi ilm; 7) Quronning qoʻlyozma nushalarini bilish haqidagi ilm.
2. Hadis hikoya qilish haqidagi ilm: 1) Hadislar sharhi haqidagi ilm; 2) Hadisning paydo boʻlish sabablari, ularning kelib chiqishi va oʻrni haqidagi ilm; 3) Yangi va bekor qilingan hadislar haqidagi ilm; 4) Paygʻambar soʻzlarining ma'nolari haqidagi ilm; 5) Paygʻambarning koʻrsatma (nazarda tutgan) soʻzlari haqidagi ilm; 6) Hadisning noyob yozuvi haqidagi ilm; 7) Paygʻambar koʻrsatmalari haqidagi ilm; 8) Hadis tilining noyobligi haqidagi ilm; 9) Hadis hikoya qiluvchining holati haqidagi ilm; 10) Paygʻambarning tibbiyot haqidagi ilmi.
3. Izohlar (Qur’on sharhi) haqidagi ilm: 1) Makka va Madinada vahiy kelgan suralarni bilish ilmi; 2) Sayohat davrida vahiy kelgan suralarni bilish ilmi; 3) Kunduzi va kechasi vahiy kelgan suralarni bilish ilmi; 4) Yozda va qishda vahiy kelgan suralarni bilish ilmi; 5) Dam olish va uyquda vahiy kelgan suralarni bilish ilmi; 6) Zaminiy va osmoniy suralarni bilish ilmi; 7) Dastlabki vahiy kelgan suralarni bilish ilmi; 8) Vahiy kelishining sababiyatini bilish ilmi; 9) Ba'zi sahobalarning vahiy kelgan suralar haqidagi soʻzlarini bilish ilmi; 10) Qayta vahiy kelgan suralarni bilish ilmi; 11) Qur’on nozil boʻlishidan avval va nozil boʻlgandan keyin (hayotga) tadbiq etilishi kechikkan ilm; 12) Qisman yoki toʻliq vahiy kelgan suralarni bilish ilmi; 13) Alohida va qisman vahiy kelgan oyatlarni bilish ilmi; 14) Ayrim paygʻambarlarga vahiy kelgan suralarni bilish ilmi; 15) Qur’onning holati haqidagi ilm (paygʻambar suralarni qabul qilib olgan paytida); 16) Qur’on nomlari va uning suralarini bilish ilmi; 17) Qur’onning jamlanishi va suralarning joylashuvini bilish ilmi; 18) Qur’onning sura, oyat, soʻz va harflar sonini bilish ilmi; 19) Qur’on qiroatchisi va uning topshiruvchisini bilish ilmi; 20) Qur’onning tarqatilish ketma-ketligining yuqori va quyi uzatuvchilarini bilish ilmi; 21) Ishonchlilik, ma'lumlik, yagonalik, noyoblilik, soxtalik va buzib koʻrsatishlarni bilish ilmi; 22) Qiroat jarayonida (ifodani) qoʻshib va ajratib oʻqish ilmi; 23) “Fatxa” — unlilarda uzun va qisqa tovushlarni talaffuz qilish ilmi; 24) Yashirin harflar va ularning oʻzgarishlarini yanada koʻpaytirishni, aniqlashni bilish ilmi; 25) Uzaytirish (modda) va qisqartirishni bilish ilmi; 26) Unli tovushlarni toʻgʻri talaffuz qilishni bilish ilmi; 27) Qur’on xabarlarining koʻrinishini (odamzotgacha) bilish ilmi; 28) Talqin etishda ruxsat etilganlarni ushbu holda nimalar yuz berishini bilish ilmi; 29) Qur’onning nodir (kam uchraydigan, noyob) soʻzlarini bilish haqidagi ilm; 30) Qur’onning xijoz tiliga oid boʻlmagan tilda bayon etilgan qismini bilish ilmi; 31) Qur’onning arab yozuvida boʻlmagan qismini bilish ilmi; 32) Mazmun jihatidan matn yozish jarayonida bir xil oyatlarni bilish ilmi; 33) Mufassirga zarur boʻladigan gapning bosh boʻlaklarining ma'nolarni bilish ilmi; 34) Sintaksis boʻyicha oʻzgarishlarni bilish ilmi; 35) Mufassirga zarur boʻlgan muhim oyatlarning mazmunini bilish ilmi; 36) Aniq va noaniq oyatlarni bilish ilmi; 37) Qur’onning boshlanishi va uning yakunlanishini bilish ilmi; 38) Qur’onning mushtarakligi, uning tafsilotlari, muhtasarligi va roʻyirostligi (aniqligi)ni bilish ilmi; 39) Qur’onning yangi va bekor qilingan oyatlarini bilish ilmi; 40) Qur’onning murakkabligi, uning qarama-qarshiligi va zidligini bilish ilmi; 41) Umumiy va shartli oyatlarni bilish ilmi; 42) Oyatlar ifodasi va uning mazmun-mohiyatini bilish ilmi; 43) Qur’onda murojaat turlarini bilish ilmi; 44) Qur’on soʻzlarining mohiyati va ularning qochirim (shama)larini bilish ilmi; 45) Qur’onda metofora va taqqoslashlardan foydalanish ilmi; 46) Qur’onda metonimiya va kinoyalardan foylanish ilmi; 47) Qur’onda taqiqlash va oʻziga xos soʻz birikmalaridan foydalanish ilmi; 48) Qur’onni oʻrganishda qisqa va loʻndalikka amal qilishni bilish ilmi; 49) Qur’onda buyruq va darak gaplardan foydalnish ilmi; 50) Qur’onning stilistik shakllaridan foydalanish ilmi; 51) Qur’on oyatlari oraligʻidagi intervallarni qoʻllay olish ilmi; 52) Boshlangʻich suralarni bilish ilmi; 53) Yakuniy suralarni bilish ilmi; 54) Oyat va suralarning oʻzaro nisbatini bilish ilmi; 55) Ravshan (aniq) va noaniq suralarni bilish ilmi; 56) Qur’on moʻjizalarini bilish ilmi; 57) Qur’ondan ilm, sitata (parcha, koʻchirma) keltirishni bilish ilmi; 58) Qur’onda keltirilgan voqea-hodisalarni bilish ilmi; 59) Qur’on pora (qism)larini bilish ilmi; 60) Qur’onda yoʻq boʻlishni bilish ilmi; 61) Qur’onda mavjud boʻlgan ismlar, laqablar va nom (titul)larni bilish ilmi; 62) Qur’onning noaniq momentlarini bilish ilmi; 63) Qur’onda ismlari keltirilganlarni bilish ilmi; 64) Qur’onning qadr-qimmatini bilish ilmi; 65) Ayrim oyatlarning boshqalaridan afzalliklarini bilish ilmi; 66) Oyatlarning oʻziga xos xususiyatlarini bilish haqidagi ilm; 67) Qur’on yozuvining bexatoligi va ularning toʻgʻriligini bilish ilmi; 68) Qur’onning sharhlari, izohlari, tushuntirishlarining qadr-qimmatini va ularning zururiyatini bilish ilmi; 69) Qur’on sharhlovchisi uchun qoʻyiladigan talablar va uning etikasini bilish ilmi; 70) Boshqalaridan farq qiladigan (sifatli) izoh (sharh)larni bilish ilmi; 71) Kommentator (sharhlovchi)ning darajalarini (xronologiyaga binoan) bilish ilmi; 72) Harflarning oʻziga xos xususiyatlarini bilish ilmi; 73) Toʻxtalishlar kamaytirilganda, boshqa harfga urgʻu berilganda va soʻzlarning koʻplik shaklidan notoʻgʻri foydalanilganda oyatlarning xususiyati oʻzgarishini bilish ilmi; 74) Harf va ismlar boʻyicha tuslash ilmi; 75) Yorqin va xira harflar ilmi; 76) Allohning yuksak ismini tuslash ilmi; 77) Oyatda harflarni boʻlish va joyini oʻzgartirish ilmi; 78) Harflar oʻrnining oʻzgarishini bilish ilmi; 79) Taqdirni oldindan bashorat qiluvchi oyatlarni bilish ilmi; 80) Qur’onni xatolardan saqlash haqidagi ilm; 81) Vazxonlik (voizlik) haqidagi ilm; 82) Sigʻinish va ba'zi bir oyatlar, ya'ni sigʻinuvchilar qaysi vaqtda ibodatda boʻlishni bilish ilmi; 83)Ajdodlar faoliyatini bilish ilmi; 84) Xudojoʻylik va xudodan qoʻrqish haqidagi ilm.
4. Hadislarni yaxshi bilish (hadis haqida koʻproq bilish) ilmi.
5. Kalom haqidagi ilm.
6. Fiqhning asosiy qismi (islom yurisprudensiyasi) haqidagi ilm:
1) Fikr-mulohaza haqidagi ilm; 2) Bahs-munozara haqidagi ilm; 3) Tortushuv (bahs) haqidagi ilm; 4) Fikrlardagi tafovut (qarama-qarshilik) haqidagi ilm; 5) Mol-mulk (meros)ni taqsimlash haqidagi ilm.
7. Fiqh ilmi: 1) Shartlar va qayd qilish ilmi; 2) Yurisprudensiya (sudlov, hukm) haqidagi ilm; 3) Shariat hukmlarini bilish haqidagi ilm; 4) Fatvo haqidagi ilm.
Bilamizki, Abu Abdulloh Al-Xorazmiy va Ibn Sino esa ilohiyotni “nazariy falsafa” guruhi tarkibida tasniflagan. Al-Farobiy va at-Tavhidiy oʻz tasniflarida “fiqh ilmi” bilan cheklanib qolgan boʻlsada, Toshkoʻprizoda esa “oʻqish”, “hadis hikoya qilish”, “Qur’on sharhi”, “hadislarni yaxshi bilish”, “kalom”, “fiqhning asosiy qismi” va “fiqh” ilmlarining ham tarkibiy qismlarigacha tasniflagan. Bu tasnifning e’tiborli jihati shundaki, olim “shariat ilmi”ni oltinchi oʻrinda alohida guruh sifatida tasniflagan. Bundan xulosa qilish mumkinki, Toshkoʻprizoda ilmiy tafakkurida diniy dunyoqarash ustunlik qilmaydi.
Toshkoʻprizoda islomiy ilmlarni oʻziga xos uslubda tasniflagan ilk olim hisoblanadi. Chunki u oʻzidan oldingi islomiy ilmlar tasnifidan farqli oʻlaroq shar’iy ilmlarni eng quyi sohalarigacha tasniflab, har bir ilmning ta’rifi, mavzusi, maqsadi va foydali xususiyatlarini keltirib oʻtgan. Bu esa madrasalarda tahsil olayotgan toliblarning shariat ilmini bosqichma-bosqich oʻrganib borishlarini anchayin qulaylashtirgan.
Ergashev Urolbek Berkinovich –
Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar
universiteti dotsenti v.b., falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).