"Ислом дини ривожига ҳисса қўшган буюк аллома,
ватандошимиз Абу Исо Термизий ва Термизий
алломаларнинг беназир меросини илмий асосда
чуқур ўрганиш ва халққа етказиш ўта муҳим ишдир."
Annotatsiya. Imom Moturidiy tarixda turli din, e’tiqod, mafkura, madaniyat va sivilizatsiyalarga beshik bo‘lgan Movarounnahr mintaqasida yashagan. Alloma yashagan davr Islom dunyosida turli diniy, e’tiqodiy, falsafiy va siyosiy oqimlar paydo bo‘lgan, boshqa din va madaniyat vakillari bilan munosabatlar rivojlangan, o‘zaro bahs-munozaralar kuchaygan davrdir. Ana shunday murakkab bir davrda yetishib chiqqan Imom Moturidiy o‘z asarlarida Islom e’tiqodiga qarshi chiqqan diniy va falsafiy oqimlarning fikr va da’volarini tahlil qilib, ularga asosli raddiyalar berishga harakat qilgan. Shuningdek, diniy ixtiloflarga qarshi kurash olib borib, Islom aqida asoslarining shakllanishi, tizimlashtirilishi va tarqalishiga muhim hissa qo‘shgan. Mazkur maqolada Imom Moturidiy hayoti va asarlarining kalom ilmidagi o‘rni tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar: Imom Moturidiy, kalom, mutakallim, mo‘taziliylik, Movarounnahr, Qur’oni karim, hadis va sunnat.
Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda o‘tmish tajribasi, ilmiy va madaniy merosidan foydalanish ijobiy samara berishi shubhasiz. Zero, o‘tgan ajdodlarning tajriba va yutuqlarini aniqlab, kelajak avlodlarga yetkazish – jamiyat taraqqiyotining eng muhim omillaridan biridir. Shu jihatdan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) davrida va islomiy ilmlar shakllana boshlagan ilk asrlardagi ilmiy merosdan foydalanish, ayniqsa, Islom tafakkuriga muhim hissa qo‘shgan olimlarning ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishish va ularning tajribalaridan foydalanish nihoyatda muhimdir [3].
Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish ham bugungi mafkuraviy ziddiyatlar kuchayib borayotgan globallashuv davrida nihoyatda muhim bo‘lib, turli adashgan oqimlarga qarshi ilmiy raddiyalar berishda dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi.
Imom Moturidiy Islom olamida ko‘plab muhim voqealar sodir bo‘lgan, diniy, e’tiqodiy, falsafiy va siyosiy mazhablar hamda oqimlar paydo bo‘lgan bir davrda yashagan. Ana shunday murakkab muhitda yetishib chiqqan Imom Moturidiy sof Islom e’tiqodiga nisbatan olib borilgan buzg‘unchi harakatlarga qarshi yozgan asarlari bilan mashhurdir. Alloma o‘zining ilmiy faoliyati orqali sof diniy qadriyatlarni yemirishga uringan turli diniy va falsafiy oqimlarning fikr va da’volarini tanqidiy o‘rganib, ularni rad etishga intilgan. Avvalo, tavhid e’tiqodi orqali Islomning asosiy aqidaviy asoslarini aniqlab, ularni himoya qilgan va mustahkam aqidaviy poydevorga asos solgan [4].
Islomiy ilmlar borasida yuksak mavqega ega bo‘lgan Imom Moturidiyning eng ko‘p shug‘ullangan ilm sohalaridan biri, shubhasiz, kalom ilmidir. Imom Moturidiy ushbu ilmga olib kirgan metod va yo‘nalishlari sababli bu sohada yetuk alloma sifatida tan olingan. Shu bois, u islom olamida tafsir va fiqh ilmlaridan ko‘ra, kalom ilmi olimi sifatida ko‘proq mashhurlikka erishgan. Imom Moturidiyning kalom ilmida yuksak mavqega ega bo‘lishidagi eng muhim omil – uning ushbu ilmning rivojlanishi va tizimlashtirilishiga qo‘shgan hissasidir [3].
Qur’oni karim nozil bo‘lgan davrdan boshlab Imom Moturidiy yashagan milodiy X asrgacha bo‘lgan davr oralig‘ida Islom olamida siyosiy, ijtimoiy, ilmiy va madaniy sohalarda ko‘plab muhim voqea va o‘zgarishlar yuz bergan. Buning natijasida Islom dunyosida dinni anglash va sharhlash borasida turli xil siyosiy, falsafiy, e’tiqodiy va fiqhiy mazhablar hamda oqimlar paydo bo‘lgan. Ayniqsa, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) vafotidan so‘ng musulmonlar orasida birinchi marta yuzaga kelgan xalifalik/imomat borasidagi bahslar, Hazrat Ali (r.a.) xalifalik davrida sodir bo‘lgan Jamal va Siffin urushlari murakkab aqidaviy muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Aynan ushbu asrlarda xorijiylik, Shia va Murji’a kabi turli siyosiy mazhablar ham shakllana boshladi [4].
Islom o‘lkalarining kengayib borishi natijasida turli din, madaniyat va sivilizatsiyalar o‘rtasida diniy, fikriy, ilmiy va madaniy sohalarda o‘zaro ta’sirlanish kuchaydi va turli e’tiqod sohiblari o‘rtasida diniy-aqidaviy masalalarda bahs-munozaralar paydo bo‘la boshladi [6].
Bundan tashqari, musulmonlar boshqa din, madaniyat va sivilizatsiyalarni chuqurroq o‘rganish va anglash maqsadida hind va fors madaniyati hamda yunon falsafasiga oid asosiy asarlarni tarjima qilishga katta ahamiyat bera boshladilar. VIII asrdan boshlangan ushbu tarjima harakatlari natijasida g‘ayriislomiy tafakkur shakllari Islom sivilizatsiyasiga kirib keldi. Bu holat bir tomondan ilmiy-falsafiy, aqidaviy jihatdan ko‘plab yangi fikr va yondashuvlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tomondan esa Islomga qarshi kayfiyatdagi, zararli va buzg‘unchi guruhlarning yuzaga kelishiga ham olib keldi. Natijada, musulmonlar bir tomondan din doirasida paydo bo‘lgan yangi masalalarni tushuntirishga, boshqa tomondan esa turli din vakillariga Islomni bayon qilishga va ko‘plab adashgan oqimlarning Islomga qarshi hujum va tuhmatlariga qarshi kurashishga majbur bo‘ldilar [6]. Mana shunday ichki va tashqi omillar tufayli, Islom jamiyatida Jabariyya, Jahmiyya, Qadariyya, Mo‘tazila, Salafiyya kabi turli oqimlar vujudga keldi. Imom Moturidiy ilmiy merosining ahamiyati ham o‘z davridagi turli aqidaviy ixtiloflarni ilmiy dalillar asosida tushuntirib, musulmon dunyosida birdamlikni ta’minlash borasidagi intilishlarida namoyon bo‘ladi [3].
Imom Moturidiyning Islom olamida yetuk kalom olimlaridan biri sifatida tan olinishi faqatgina Abu Hanifaning qarashlarini qayta sharhlab, boyitgani yoki uning nomi bilan ataluvchi kalom maktabining mavjudligi bilangina izohlanmaydi. Bular bilan bir qatorda, umuman Islom tafakkurining, xususan kalom ilmining mazmun, uslub va metod jihatidan boyishiga, yanada tizimli bir shaklga kirishiga, Islom e’tiqodi asoslariga qarshi yuzaga kelgan buzg‘unchi falsafiy va diniy oqimlarga qarshi Islom aqidasini himoya qilish va asoslab berishda ko‘rsatgan xizmat va hissasi ham uning mazkur ilm sohasida shuhrat topishiga katta ta’sir ko‘rsatgan [4].
Allomaning eng muhim ikki asari – “Kitob at-Tavhid” va “Ta’vilot ahl as-Sunna” yuqoridagi fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi. Chunki Imom Moturidiy bu asarlarida o‘zidan avvalgi olimlar muhokama qilmagan muhim masalalarni ko‘tarib chiqqan, naqliy dalillar bilan birga tarixiy, ijtimoiy xarakterdagi aqliy dalillardan ham foydalanib, ixtiloflarni bartaraf qilishga harakat qilgan. Shu sababli bugungi kunda uning ilmiy faoliyatini chuqur o‘rgangan zamonaviy olimlar Imom Moturidiyning kalom ilmi tizimlashuvi va haqiqiy ilmiy fan darajasiga ko‘tarilishida ko‘rsatgan hissasini ochiq-oydin e’tirof etadilar [3].
Imom Moturidiy kalom ilmining joizligi masalasi bo‘yicha munozaralar avj olgan bir davrda yashab, bu ilmni o‘rganishning joiz ekanini asoslab berishga harakat qilgan va kalom ilmining mustaqil bir ilm sohasi sifatida shakllanishi hamda musulmon jamiyati tomonidan qabul qilinishiga hissa qo‘shgan. Chunki yuqorida ta’kidlanganidek, uning davrida kalom ilmi qattiq tanqid ostiga olingan, unga qarshi salbiy munosabat mavjud edi. Boshqacha aytganda, kalom ilmining shar’iyligi masalasi shubha ostiga olingan edi. Imom Moturidiy esa bu bahs-munozaralarda kalom ilmining zaruriy va joiz ekanini Qur’on oyatlaridan dalillar keltirish orqali isbotlashga intilgan [6].
Ma’lumki, kalom ilmining asosiy vazifalaridan biri Islomning aqidaviy asoslarini himoya qilish, bu asoslarni mustahkamlash bilan birga, musulmonlarga uni to‘g‘ri tushuntirish va keyingi avlodlarga sog‘lom tarzda yetkazishdan iboratdir. Ayniqsa, “Ta’vilot” asarining turli joylarida Imom Moturidiy o‘z davridagi turli adashgan oqimlarni tanqid qilar ekan, aynan kalom ilmining mana shu xususiyatiga e’tibor qaratadi. U diniy masalalarda bahs va munozarani inkor etuvchi toifalarga qarshi turib, kalom ilmi nafaqat joiz, balki zaruriy ilm ekanini isbotlashga harakat qilgan. Imom Moturidiy kalom ilmi bilan shug‘ullanishning shar’an joizligini dalillash uchun avvalgi payg‘ambarlarning o‘z qavmlari bilan olib borgan bahs-munozaralarini dalil sifatida keltiradi [2]. Unga ko‘ra, hech bir payg‘ambar o‘z qavmi bilan bahs qilmasdan, ularni da’vat qilmagan. Masalan, Ibrohim (a.s.)ning Allohning borligi va yagonaligi masalasida o‘z qavmi va podshoh bilan olib borgan bahslari, shuningdek, Muso (a.s.)ning Fir’avn bilan olib borgan munozaralari bunga dalil sifatida ko‘rsatilgan [3].
Imom Moturidiyga ko‘ra, musulmonlar Islom dinini boshqa xalqlarga yetkazish uchun o‘zlarini ilmiy jihatdan yetuk holda tayyorlashlari kerak, ayniqsa diniy masalalarda zarur bo‘lgan dalillarni o‘rganishlari zarur. Chunki islom diniga da’vat etish jarayonida fath etilgan xalqlarni ishontirish uchun aynan shu dalillarga ehtiyoj tug‘iladi. Zero, barcha payg‘ambarlarga o‘z qavmlarini Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga, Unga hech qanday sherik yo‘qligiga ishontirish vazifasi yuklatilgan bo‘lsa, xuddi shunday musulmonlar ham Allohning yagonaligini dalillar asosida boshqalarga yetkazishga mas’uldirlar. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Imom Moturidiy adashgan oqimlarning “bu joiz emas” degan fikrlariga zid ravishda, kalom ilmi bilan shug‘ullanish, din haqida fikr yuritish va bahs qilish shar’an joiz ekanini asoslagan [4].
Islom e’tiqod tizimini himoya qilish va uni to‘g‘ri anglash masalasida Kalom ilmining zarurligiga urg‘u bergan holda Imom Moturidiy bu fikrni faqat nazariyada qoldirmasdan, balki butun hayoti davomida amaliyotda ham qo‘llashga harakat qilgan va shu orqali bu ilmning zarurligini isbotlab bergan. Imom Moturidiyni bunga undagan eng muhim omillardan biri, shubhasiz, uning diniy, falsafiy va siyosiy mazhab hamda oqimlar, bid’atlarga asoslangan qarashlar paydo bo‘lgan, Islom jamiyatiga turli vayronkor g‘oyalar kirib kelgan bir davrda yashaganligidir. Mana shunday muhit va davrda kamol topgan Imom Moturidiy bir tomondan boshqa sivilizatsiyalar tomonidan kirib kela boshlagan turli yot g‘oyalarga qarshi Islomning asosiy e’tiqod asoslarini, boshqa tomondan esa Islom doirasida paydo bo‘lgan diniy va siyosiy mazhab hamda firqalarga qarshi sunniy aqidani himoya qilish maqsadida kurash olib borgan. Imom Moturidiyning radikal oqimlarga qarshi olib borgan kurashlarini bugungi kunda unga nisbat berilgan asarlari orqali bilib olamiz. Bu borada ushbu asarlarning faqat nomlari va mavzu sarlavhalariga nazar tashlashning o‘ziyoq allomaning hayoti turli yot, adashgan firqalarga qarshi fikriy kurashlar, radikal oqimlarga qarshi sunniy aqidani himoya qilish bilan o‘tganini anglash uchun yetarli bo‘ladi [3].
Xulosa sifatida aytish mumkinki, ahli sunna va-l-jamoa oqimining ikki yirik aqida maktablaridan birining asoschisi hisoblangan Abu Mansur al-Moturidiy turli din, e’tiqod, mafkura, madaniyat va sivilizatsiyalarga beshik bo‘lgan Movarounnahr diyorida faoliyat ko‘rsatgan buyuk alloma va mutafakkir bo‘lib, o‘z ilmiy merosi, asarlari orqali islom dinining asl bag‘rikenglik, insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Shuningdek, turli yot g‘oyalarga qarshi Qur’oni karim va Sunnat asosida kurash olib borgan kalom ilmi olimi hisoblanadi. Alloma o‘z asarlari orqali islomiy tafakkur tarixida haqli ravishda shuhrat qozongan. Jumladan, “Kitob at-tavhid” asari uning kalom, falsafa va jadal ilmidagi chuqur bilimini, “Ta’vilot al-Qur’on” esa tafsir, hadis, fiqh va aqida ilmlaridagi yuksak salohiyatini namoyon etadi.
Sarvar Saidov
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: