"Ислом дини ривожига ҳисса қўшган буюк аллома,
ватандошимиз Абу Исо Термизий ва Термизий
алломаларнинг беназир меросини илмий асосда
чуқур ўрганиш ва халққа етказиш ўта муҳим ишдир."
Xabaringiz bor, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Prezidentimizning 2017-yil 14-fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan edi.
Ayni paytda Markazda islom dini, Qur’oni Karim hamda hadis ilmining asl mohiyati, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslari, Imom Termiziy hamda Termiziy allomalar, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlar merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, keng targ‘ib etish, yuksak insoniy g‘oyalar, muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan manbalarni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Dunyo miqyosida turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, dinimizdagi ezgu g‘oya va ta’limotlarni keng xalq ommasiga yetkazish va shu asosda yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.
Markaz tomonidan bugungi kunda mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlar kutubxonalarining qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan Termiziy allomalar hamda buyuk mutafakkirlarimizning qo‘lyozma va toshbosma asarlari nusxalari, ular haqidagi kitoblarni to‘plash, shu asosda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bosh maqsad qilingan.
Bugungi kunda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 10 nafar ilmiy xodim faoliyat ko‘rsatadi. Shundan 4 nafari ilmiy darajaga ega bo‘lgan islomshunos, manbashunoslardir.
Markazda ilmiy-tadqiqot, xalqaro aloqalar va ziyorat turizmini rivojlantirish, axborot-resurs markazi, axborot texnologiyalari va multimedia, nashrlar bo‘limi singari bo‘limlar faoliyat ko‘rsatadi.
Markaz tomonidan 2024-yilda 35 ta kitob, risola va qo‘llanma nashrdan chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning 1-choragida 13 ta kitobni nashrga tayyorlash ishlari olib borildi. Shuningdek, 4 ta kitob tarjima qilinmoqda.
Imom Termiziy va Termiziy allomalarning benazir merosini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida 2 ta xalqaro konferensiya, bitta xalqaro anjuman,
11 ta xalqaro va mahalliy seminar va davra suhbati, bitta respublika konferensiyasi, bitta xalqaro onlayn vebinar tashkil etildi.
Xorij hamda respublikamizdagi 8 ta nufuzli universitet, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan memorandum imzolanganligi tadqiqot ishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Markazda Imom Termiziy va Termiziy allomalarning ilmiy merosiga oid 70 ga yaqin qo‘lyozma asarlarning elektron nusxalari bazasi shakllantirilgan va 2000 ga yaqin davriy nashrdagi kitoblar saqlanmoqda.
Kuni kecha Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati hamda nashrlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir shu kungacha Markaz tomonidan nashr etilgan 21 kitobning taqdimotiga bag‘ishlandi. “Sunani Termiziy sharhi” (1, 2, 3-jildlar), “Tahsil nazoir al-Qur’on”, “Aql va havoyi nafs”, “Namoz va uning maqsadlari”, “Buyuk Termiziylar to‘plami”, “Qalb haqida risolalar”, “Ma’orif”, “Sahobalarning vafot joylari haqida bulutlardan durlar”, “G‘aybiy his-tuyg‘ular”, “Tafsir” kabi asarlar shular jumlasidan. Bu asarlar fiqh, tafsir, hadis, axloq, tasavvuf va tarixiy, axloqiy meros kabi muhim yo‘nalishlarni o‘z ichiga olganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Anjumanda ma’ruzachilar tomonidan Markaz faoliyati, “Sunani Termiziy” asarining mohiyati va yoshlar ma’naviyatini mustahkamlashdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Matbuot anjumani doirasida Markaz bilan Adib Sobir Termiziy nomidagi axborot-kutubxona markazi hamda Imom Termiziy nomidagi Islom instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum ushbu ilmiy-ma’rifiy muassasalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, talabalarni Islom ilmlari va Termiziy allomalarning ilmiy merosi asosida tarbiyalash, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishni nazarda tutadi.
Mazkur hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish hamda Termiziy allomalarning ma’naviy merosini keng ommaga yetkazishdan iborat, — deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev.
Tadbir doirasida Mannon Uyg‘ur nomidagi viloyat musiqali drama teatri aktyori Ilhom Ro‘ziyev tomonidan Imom Termiziy obrazi jonlantirildi. Tomoshabinlarda katta taassurot qoldirgan ushbu sahna ko‘rinishi Imom Termiziyning hayot yo‘li va ilmiy merosiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Tadbir yakunida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan kitoblar ishtirokchilarga taqdim etildi.
Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV