DINIY-MA’RIFIY SOHADAGI ISLOHOTLAR JAMIYAT RIVOJI UCHUN MUHIMDIR

DINIY-MA’RIFIY SOHADAGI ISLOHOTLAR JAMIYAT RIVOJI UCHUN MUHIMDIR

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu farmoni diniy-ma’rifiy sohaga davlat siyosati darajasidagi e’tiborning yana bir yorqin namunasidir. “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonning mazmun-mohiyatini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bugun bu sohaga alohida e’tiborni ko’rishimiz mumkun.

Ushbu farmon, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim huquqiy hujjatdir. Farmonning qabul qilinishi mamlakatda diniy erkinlik va bag‘rikenglikni yanada rivojlantirish, diniy ta’lim va madaniyatni kengaytirish, shuningdek, fuqarolarning vijdon erkinliginining mustahkamligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Farmonda belgilangan asosiy maqsadlar, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, har bir shaxsning dinga e’tiqod qilish yoki qilmaslik huquqini kafolatlash, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaslik, diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tushunish muhitini yaratishdan iborat.

Farmon doirasida diniy-marifiy islohotlarni rivojlantirishga ham katta etibor qaratilmoqda. Diniy talim tizimini takomillashtirish, diniy marifatni keng jamoatchilikka yetkazish va diniy bilimlarni jamiyatda samarali tarqatish maqsad qilinadi. Bu bilan dinshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar rivojlantiriladi.

Shuningdek, ushbu farmon bilan diniy-ma’rifiy sohadagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirib borish maqsadida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishini yuksak mamnuniyat bilan qabul qilishimiz kerak.

Bundan tashqari, farmon diniy bag‘rikenglik va tolerantlikni mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Mamlakatda millatlararo va diniy totuvlikni ta’minlash uchun diniy erkinlik va bag‘rikenglikni targ‘ib qilish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.

Farmon asosida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi belgilab qo‘yildi. Bahouddin Naqshband ilmiy tadqiqot markazini tashkil qilish tashabbusi juda ham muhim va tarixiy ahamiyatga egadir. Bahouddin Naqshband, “Naqshbandiya tariqati”ning asoschisi va O‘rta Osiyo madaniyati va diniy hayotiga katta ta’sir o‘tkazgan, tasavvuf ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan shaxs sifatida ma’lum va mashhurdir. Ilmiy tadqiqot markazining yaratilishi orqali uning merosi va ta’limotlarini yanada chuqurroq o‘rganish, xalqimizga yetkazish hamda butun dunyoga tarqatish va rivojlantirish uchun xizmat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bundan tashqari mazkur farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali”ni yaratish ko‘zda tutilgan. Haj va Umra ziyoratiga borishni xohlaganlar uchun barcha zarur ma’lumotlar yagona platformada to‘plangan holda foydalanuvchilarga sayohatni rejalashtirishda kerakli barcha ma’lumotni tez va oson topishga yordam beradi. Haj va Umra safariga chiqish uchun portaldan ro‘yxatdan o‘tish va barcha kerakli hujjatlarni onlayn tarzda topshirish mumkin bo‘ladi. Bu sayohatni rejalashtirishni soddalashtiradi va vaqtni tejash imkonini yaratadi. Yana bir muhim tomoni shundaki, ya’ni shaffoflik ta’minlanadi. Portalda navbatlar, to‘lovlar va boshqa barcha jarayonlar ochiq tarzda namoyon bo‘ladi. Bu orqali korrupsiyaning turli ko‘rinishlarining oldi olish mumkun.

Umuman olganda, ushbu farmon O‘zbekistonning diniy-ma’rifiy sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, diniy erkinlikni mustahkamlash, yoshlarni ijtimoiy faollikka jalb qilish va mamlakatda diniy bag‘rikenglikni rivojlantirishga qaratilgan muhim huquqiy qadamdir. Bu chora-tadbirlar mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni saqlash, diniy totuvlikni kuchaytirish va jamiyatning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.

 

Imom Termiziy Xalqaro ilmiy tadqiqot markazi

Ilmiy xodimi: Abduvaxidov Abdullaziz