TARIXIY XOTIRA – XALQ QALBINING DURDONASI

TARIXIY XOTIRA – XALQ QALBINING DURDONASI

Xotira insoniyat tafakkurining muhim elementlaridan biri bo‘lib, u nafaqat individual, balki ijtimoiy jarayon sifatida ham qaraladi. Ijtimoiy fanlar nuqtayi nazaridan, xotira milliy ong va o‘zlikni shakllantiruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Har bir xalq o‘z tarixiy xotirasi orqali o‘zligini anglaydi, kelajagini quradi va o‘z avlodini tarbiyalaydi.

Har yili 9-may sanasi yurtimizda “Xotira va qadrlash kuni” sifatida keng nishonlanadi. Bu kun – faqatgina urush qatnashchilarini yodga olish emas, balki millatimiz tarixiga hurmat, ota-bobolarimizning fidoyiligini tan olish, ularning orzularini davom ettirish kuni hamdir. Xotira bu – unutilmas dars, xalqning saboqli tarix kitobi, qahramonlik va sabr-bardosh timsolidir.

Ajdodlar xotirasiga hurmat xalqning ma’naviy kamolotida, yosh avlod tarbiyasida alohida o‘rin tutadi. Yurtimizda barpo etilgan “Shahidlar xotirasi” majmuasi, G‘alaba bog‘i, muzeylar, yodgorliklar – bularning barchasi xotira madaniyatining yorqin namunasidir.

Bugungi tinch hayot, osmonimiz musaffoligi, bolalarimiz kulgusi – bu o‘tmishda jonini fido qilgan insonlar jasorati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Shunday ekan, xotirani qadrlash – bu tarixga, milliy o‘zligimizga, insoniylikka sadoqatdir.

Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi zamirida ham Inson qadri uchun shiori negizida kishilarni ezgulikka undash g‘oyasi mujassam. Tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik – eng ulug‘ ne’mat. O‘z navbatida, 9-may – Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanib kelayotgani – inson zotiga, uning muqaddas yodi, umri davomida bajargan ezgu amallariga bo‘lgan cheksiz ehtirom ramzidir.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda keksalarni e’zozlash, ularning hurmatini joyiga qo‘yish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu fikrimizni nafaqadagilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, keksa yoshdagi insonlarga har tomonlama g‘amxo‘rlik qilish, fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish, ushbu sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar yaqqol tasdiqlaydi.

Xotira va Qadrlash tushunchalari tobora teran ahamiyat kasb etayotganining yana bir sababi shundaki, insonga mehr ko‘rsatish, uni ulug‘lash, qadrlash va e’zozlashga qaratilgan ushbu amallar bizni globallashayotgan va tez o‘zgarib borayotgan murakkab davrning turli tahdidlariga nisbatan sezgir va hushyor bo‘lishga, kechagi kun jarohatlaridan saboq chiqarishga undaydi. Bu borada, ayniqsa, buyuk kelajak egalari – navqiron avlod zimmasidagi mas’uliyat g‘oyat kattadir.

Xulosa qilib aytganda, yurtimizda xotira va qadrlash kunini yuksak hurmat va ehtirom bilan nishonlash, keksalarni hamisha e’zozlash azaliy qadriyat sanaladi.

 

ABDUVAXIDOV ABDULLAZIZ ABDUSATTOR O‘G‘LI

Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi