9-MAY – XOTIRA VA QADRLASH KUNI: TARIXIY XOTIRASIZ KELAJAK YOʻQ

9-MAY – XOTIRA VA QADRLASH KUNI: TARIXIY XOTIRASIZ KELAJAK YOʻQ

Insoniyat tarixida shunday sanalar borki, ular avlodlar xotirasida abadiy saqlanadi, insonlarning qalbida chuqur iz qoldiradi. Mustaqil Oʻzbekiston tarixida 9-may – Xotira va qadrlash kuni ana shunday muhim ahamiyatga ega boʻlgan sanadir. Bu sana nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki chuqur maʼnaviy-axloqiy asoslarga ham tayanadi. Bu kun ajdodlarimizning jasorati, fidoyiligi va vatanparvarligi timsoliga aylangan, milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismiga aylangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-apreldagi “Xotira va qadrlash kuni toʻgʻrisida”gi PQ-2865-sonli qarori[1] bilan 9-may sanasi Xotira va qadrlash kuni deb belgilandi. Bu qaror mamlakatimizda oʻtmishni eslash, ajdodlarni xotirlash va bugungi kunda hayot boʻlgan insonlarni qadrlash anʼanalarini qonuniy mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Xotira maydoni” va “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmualari tashkil etilib, ularning har biri chuqur ramziy maʼnoga ega boʻldi.

9-may – Xotira va qadrlash kuni mustaqil Oʻzbekistonda vatan mudofaasi, uning erkinligi va xalq tinchligi uchun kurashgan ajdodlar xotirasiga bagʻishlangan umumxalq milliy bayramidir. Bu kun Ikkinchi jahon urushida fidoyilik koʻrsatgan yurtdoshlarimizni, shu bilan birga, tarixning barcha davrlarida Vatan ozodligi va xalq farovonligi yoʻlida jon fido qilgan ajdodlarimizni eslash va qadrlash ramzidir.

Oʻtganlarning nomini yod etish, xotirasini hurmat qilish va ruhlarini shod etish – bu asriy qadriyat va insoniy burchdir. Bu nafaqat bir kunlik anʼana, balki uzluksiz, doimiy jarayondir. Zero, “Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq” degan tamoyil bugungi Oʻzbekiston jamiyatining maʼnaviy asoslaridan biridir.

Tarixni bilish va oʻrganish, oʻtmishdagi voqealardan saboq olish insoniyat taraqqiyotining muhim shartidir. Oʻtganlar hayotidan oʻrnak olish, ularning ijobiy fazilatlarini oʻzimizda singdirish va bu bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish tarixiy xotirani saqlashning amaliy ifodasidir.

Ikkinchi jahon urushi davrida yurtdoshlarimiz koʻrsatgan jasorat, front ortida namoyon etilgan fidokorona mehnat, evakuatsiya qilingan minglab insonlarni bagʻrikenglik bilan qabul qilish va ularga mehr-muruvvat koʻrsatish – bularning barchasi oʻzbek xalqiga xos boʻlgan yuksak insoniy fazilatlarning yorqin namunasidir. Bugungi kunda bu tarixiy haqiqatlarni yoshlarga yetkazish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.

Xotira va qadrlash kuni nafaqat oʻtganlarni eslash, balki tirik insonlar, ayniqsa yoshi ulugʻ keksalarni qadrlash, eʼzozlash va ularning holidan xabar olish kunidir. Insonni qadrlash – barcha diniy taʼlimotlar va milliy qadriyatlarning tayanch nuqtasidir.

Keksalarni hurmat qilish, ularning duosini olish, qalblariga xursandlik kiritish – oʻzbek xalqiga xos eng goʻzal fazilatlardan biridir. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v) hadislarida bu haqda qatʼiy koʻrsatmalar berilgan. Jumladan, bir hadisi sharifda: “Yoshlarimizga rahm-shafqat qilmagan, keksalarimizni hurmat qilmagan, kishi bizlardan emas” deyilgan.[2] Bu muqaddas taʼlimotlar oʻzbek xalqining qadimiy urf-odatlari va anʼanalarida oʻz aksini topgan va asrlar davomida avloddan-avlodga oʻtib kelmoqda.

Mustaqil Oʻzbekistonda vatan himoyasi yoʻlida jasorat koʻrsatgan insonlarni, xususan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylarini qadrlash davlat siyosatining muhim yoʻnalishi hisoblanadi. Davlat tomonidan urush qatnashchilari, keksalar va barcha nafaqaxoʻrlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatiladi, ular moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-fevraldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi PF–24-son Farmoniga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti mehnat faxriylariga bir martalik pul mukofotlari berildi[3].

Har yili 9-may arafasida nafaqat moddiy ragʻbatlantirish, balki turli xotira tadbirlari, uchrashuvlar, madaniy va maʼrifiy tadbirlar tashkil etiladi. Biroq bu gʻamxoʻrlik faqat bayram arafasidagina emas, balki yil davomida izchil amalga oshiriladi.

Oʻtmishdagi urushlarning fojiali oqibatlarini oʻrganish va ulardan saboq olish orqali biz tinchlik va barqarorlikning naqadar muhim ekanini anglaymiz. Bugungi osoyishta va farovon hayot Ikkinchi jahon urushi kabi ogʻir sinovlar va millionlab yurtdoshlarning qurbonligi evaziga erishilgan neʼmatdir. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 1941–1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida Oʻzbekistondan 1,5 milliondan ortiq kishi qatnashgan. Urushda yurtdoshlarimizning yarim milliondan ortigʻi halok boʻlgan. 133 mingga yaqini bedarak yoʻqolgan, 60 mingdan ziyodi nogiron boʻlib qaytgan.

Urushning dastlabki yillarida Oʻzbekistonga 1 million 500 mingdan ortiq evakuatsiya qilingan aholi, jumladan, 200 mingdan ortiq bolalar koʻchirib keltirilgan va xalqimiz tomonidan mehr-oqibat koʻrsatilib, bagʻrikenglik namoyon etilgan.[4] Bunday ogʻir davrlarda ham insonparvarlik namunasini koʻrsatgan xalqimiz tinchlik va osoyishtalikning qadrini chuqur his qiladi. Shu bois, tinchlikni koʻz qorachigʻidek asrash har bir fuqaroning muqaddas burchidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Hayot qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Lekin tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi boʻlib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir Oʻzbekiston fuqarosining muqaddas burchi boʻlishi shart. Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir“[5]

Xotira va qadrlash kuni bizga oʻtmish saboqlarini eslatibgina qolmay, bugungi tinch va osoyishta hayot uchun shukrona keltirish, kelajakka umid bilan qarash imkonini beradi.

9-may – Xotira va qadrlash kuni – bu faqat qaygʻuli xotiralar kuni emas, balki insoniylik, qadr-qimmat va ezgulikni ulugʻlash kunidir. Bu tarixiy sana bizga ajdodlar hayotidan oʻrnak olish, ularning jasorati va matonatini eʼzozlash, tarixiy voqealardan saboq chiqarish va kelajak avlodlar uchun munosib meros qoldirish masʼuliyatini eslatadi.

Vatan ozodligi va xalq farovonligi yoʻlida jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini eʼzozlash, hurmat bilan yod etish, bugungi kunda hayot boʻlgan front va mehnat faxriylariga har tomonlama gʻamxoʻrlik qilish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish — davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Shu bilan birga, el-yurtimizga xos boʻlgan insonparvarlik va bagʻrikenglik, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi ezgu fazilatlarni yosh avlodga singdirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.

Tarixiy xotirani saqlash va insonlarni qadrlash – bu faqat bir kunlik emas, balki har kunlik amal boʻlishi, hayotimizning ajralmas qismiga aylanishi darkor. “Modomiki inson ekansan, odamligingni unutma, odam qadrini bil”, degan hikmatlarda xalqimizning azaliy qadriyatlari mujassam. Zero, tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq, inson qadrini ulugʻlamasdan turib esa, jamiyatda maʼnaviy yuksalishga erishib boʻlmaydi.

Xotira va qadrlash kuni – bu kechagi kun, bugungi kun va ertangi kun oʻrtasidagi mustahkam koʻprikdir. Bu koʻprikni asrab-avaylash, mustahkamlash va kelgusi avlodlarga yetkazish har birimizning burchimizdir.
 

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Xudoynazarov.F
 

[1]Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori, 04.04.2017-yildagi PQ-2865-son https://lex.uz/docs/3150991

[2] Imom Termiziy, “Sunan at Termiziy”,4/321-bet,1919-hadisda keltirgan.

[3] “Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 80-yilligi” esdalik yubiley medalini taʼsis etish toʻgʻrisida https://uza.uz/uz/posts/ikkinchi-zhahon-urushidagi-galabaning-80-yilligi-esdalik-yubiley-medalini-tasis-etish-togrisida_691998

[4]Ikkinchi jahon urushida Oʻzbekistondan 1,5 milliondan ortiq kishi qatnashgan https://www.zarnews.uz/post/ikkinchi-jahon-urushida-ozbekistondan-15-milliondan-ortiq-kishi-qatnashgan

[5]Shavkat Mirziyoyev: Yurtning kuchi birlikda, qadri esa tinchlikdadir https://president.uz/uz/lists/view/7520