"Ислом дини ривожига ҳисса қўшган буюк аллома,
ватандошимиз Абу Исо Термизий ва Термизий
алломаларнинг беназир меросини илмий асосда
чуқур ўрганиш ва халққа етказиш ўта муҳим ишдир."
Yurtimizda har yili alohida ehtirom bilan nishonlanadigan muborak Qurbon hayiti xalqimizning asrlar davomida shakllangan boy ma’naviy merosi, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi fazilatlarini namoyon etadigan muqaddas ayyomdir. Har yilgi ezgu an’anaga muvofiq yurtboshimiz tomonidan e’lon qilingan tegishli qarorga muvofiq, joriy yilda ham Qurbon hayiti yurtimiz bo‘ylab keng va ko‘tarinki ruhda nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2025-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 6-iyun – juma kuniga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu muqaddas kun mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Qarorda Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda, ijtimoiy hamjihatlik, mehr-oqibat va saxovat ruhida o‘tkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, diniy qadriyatlarimizni tiklash, islom madaniy merosini chuqur o‘rganish, yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalarning boy ma’naviy merosini tadqiq etish, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini rivojlantirish, xalqimizning e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilib, xalqaro maydonda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni namoyon qilmoqda. Shuningdek, oxirgi yillarda yurtimizda musulmonlar uchun muqaddas hisoblangan ziyoratgohlar ta’mirlanmoqda, masjid va madrasalar yangilanmoqda, diniy kadrlar tayyorlash tizimi zamonaviy talablarga moslashtirilmoqda. Har yili Qurbon hayiti va Ramazon hayiti munosabati bilan minglab ehtiyojmand oilalarga yordam berilmoqda, “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil hayotga chuqur singib bormoqda. Eng muhimi, islom dinining asl mohiyati – tinchlik, bag‘rikenglik, ilmu ma’rifatga asoslangan tamoyillarni targ‘ib qilish, yosh avlodni radikal qarashlardan asrash bo‘yicha davlat siyosati izchil amalga oshirilmoqda. Birgina janub durdonasi – go‘zal Surxon vohasida joylashgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘zining nisbatan qisqa faoliyati davomida Imom Termiziy va termiziy allomalar, shuningdek yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlarning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish va uni keng jamoatchilikka yetkazish yo‘lida samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Markaz tomonidan bugungi kungacha yuzdan ortiq ilmiy risola va asarlar nashrga tayyorlangani, Respublika miqyosida islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini ochib berishga qaratilgan ilmiy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari va turli ommaviy axborot vositalaridagi faol chiqishlar tashkil etilgani – bu sohada olib borilayotgan chuqur islohotlarning yaqqol dalilidir. Markaz faoliyati nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki keng xalq ommasining diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirishga, yosh avlod qalbida ezgulik, bag‘rikenglik va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda izchil davom etayotgan keng ko‘lamli diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ham o‘zining aniq ifodasini topganini alohida ta’kidlash joiz. Mazkur hujjat Qurbon hayitining nafaqat diniy, balki ijtimoiy-ma’naviy hayotimizdagi chuqur ahamiyatini yana bir bor namoyon etadi.
Darhaqiqat, bu ulug‘ ayyom mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik, shukronalik kabi insoniyat uchun eng muhim bo‘lgan ezgu fazilatlarni ulug‘laydi. Qurbon hayitining mamlakat miqyosida keng nishonlanishi esa diniy qadriyatlarni tiklash bilan birga, jamiyatda o‘zaro hurmat, totuvlik, millatlararo hamjihatlik va insoniylik tamoyillarini mustahkamlovchi muhim ijtimoiy-madaniy hodisaga aylanmoqda.
Shubhasiz, bunday bayramlar xalqimiz orasida birdamlik, hamjihatlik, mehr-muhabbat va o‘zaro ishonch rishtalarini yanada mustahkamlab, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy tayanchi sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi globallashuv sharoitida milliy va diniy qadriyatlarimiz asosida o‘tkazilayotgan bu kabi umumxalq bayramlari jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlik, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan e’tiborga molikdir.
Sarvar Saidov
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)