QURʼONIY ISTILOHLARNING INGLIZ TILIDA OʻZLASHTIRILISHI (Islom, halol, harom, zikr, taqvo) OʻZLASHMALARI MISOLIDA

QURʼONIY ISTILOHLARNING INGLIZ TILIDA OʻZLASHTIRILISHI (Islom, halol, harom, zikr, taqvo) OʻZLASHMALARI MISOLIDA

Annotatsiya: Mazkur maqolada Islom dini sharofati bilan turli xorijiy tillar leksik bazasiga kirib borgan Qurʼoniy istilohlarning oʻzlashmaviy birlik sifatidagi leksik-semantik va madaniy xususiyatlari, oʻzlashtirilish sabab va omillari tahlil qilinib, aniqlangan muammo va kamchiliklarga nisbatan ilmiy yechim va tavsiyalar taklif qilingan.

Kalit soʻzlar: Qurʼoni karim, istiloh, transformatsiya, Qurʼoniy istiloh, tarjima, tafsir, taʼvil, transliteratsiya, oʻzlashma, diniy xos birliklar.

 

Har bir tilning tarixiy taraqqiyoti va oʻzgaruvchanligi jamiyat hayoti bilan bevosita bogʻliq boʻlib, ijtimoiy hayotda roʻy bergan oʻzgarishlar tilda ham aks etadi. Bu oʻzgarishlar hammadan koʻproq tilning lugʻat boyligida oʻz ifodasini topadi. Yangi narsa-buyum, tushunchalarning paydo boʻlishi yoki, aksincha, narsa-buyum va tushunchalarning keng isteʼmoldan chiqib ketishi, avvalambor, tilning lugʻat boyligida oʻzgarish boʻlishiga olib keladi.

Darhaqiqat, Islom dini vujudga kelgach va turli davlatlarga yoyila boshlagach, diniy, qolaversa, Qurʼoniy istilohlarni tarjima qilishda hamda transliteratsiya qilishda bir qancha muammolar yuzaga keladi. Oʻzlashma soʻzlar aslida bir tildan olingan, soʻngra boshqa tilning lugʻat tarkibiga kiritilgan soʻzlardir. Bu soʻzlar koʻpincha asl tildan tarjima qilinmaydi va bir xil boʻlib qoladi (garchi ular biroz oʻzgartirilishi mumkin, masalan, imlo yoki talaffuzida).

Quyida Qurʼoniy istilohlarni turli tillarda oʻzlashtirilishidagi muammolarni koʻrib, tahlil va tadqiq qilib chiqamiz:

 

Islom – الإسلام “itoatkorlik, oʻzini Yagona Xudoga topshirish degan maʼnolarni anglatadi. Islom إِسْلَٰم soʻzi Quroni karim matnida sakkiz marta uchraydi[1].

  1. Islom barcha dinlar, jumladan, barcha paygʻambarlarga yuborilgan din maʻnosida [Oli imron 3:19,85];
  2. Hidoyat, najot maʻnosida [Anʼom 6:125]; [Zumar 39:22];
  3. Muhammad alayhissalomga nozil qilingan din maʻnosida [Moida 5:3];

[Tavba 9:74], [Hujurot 49:17], [Soff 61:7].

 

Islom leksimasi har bir oʻrinda toʻgridan-toʻgʻri oʻzlashtiriladi. Masalan:

إِنَّ الدِّينَ عِنْدَ اللَّهِ الْإِسْلَامُ[2]

The Religion before God is Islam[3]. Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir.

 

Halol – حَلَلْ soʻzining lugʻaviy maʼnosi (arab. – ruxsat etilgan, yoʻl qoʻyilgan; qonuniy, asosli; toʻgʻri, vijdonli odam) anglatadi. Islom dini taʼlimotiga koʻra ruxsat berish; farz, mandub, muboh kabi tushunchalarga kiruvchi ruxsat etilgan xatti-harakat; man etilgan xatti-harakatlar (harom)ning qarama qarshisi. Shariatda haromlik sifati yoʻq narsaga halol deb aytiladi[4]. Hadisda “...Halol aniq, harom aniq... Kim shubhali narsalardan saqlansa, dini va obroʻsini saqlabdi...”, deyilgan (Sahih-ul Muslim, 1599-hadis)[5].

Halol istilohi Qurʼoni karimda 51 marotaba, 8 xil shaklda: حَلَلْ 14, أَحَلَّ 20, حِلّ 5, حَلَآئِل 1, حَلَٰل 6, مَحِلّ 3, تَحِلَّة 1, مُحِلِّى 1-marta keladi va ular turli maʼno anglatadi.

  1. Nikoh, oila qurish va er-xotin munosabatlaridagi halollik tushunchasi [Baqara 2:187,228, 229, 230], [ Niso 4:19,23, 24], [Azhob 33:50,52], [Tahrim 66:1];
  2. Halol taomlanish va yegulik tushunchasi [Baqara 2:168], [Oli Imron 3:93], [Moida 5:1,4,5,87,88,96], [Nahl 16:114,116], [Yunus 10:59];
  3. Halol makon tushunchasi sifatida [Haj 22:33];
  4. Halol oylar qilingan oylar [Moida 5:2], [Tavba 9:37];
  5. Qasamni buzishga ruxsat maʼnosida [Tahrim 66:2].

Halol istilohi ingliz tilida turli oyatlarda har xil leksimalar bilan tarjima qilingan. Masalan: lawful, descend, permitted, dissolution, place of sacrifice, destination...

يَا أَيُّهَا النَّاسُ كُلُوا مِمَّا فِي الْأَرْضِ حَلَالًا طَيِّبًا O ye people! eat of what is on earth lawful and good. Ey odamlar! Yer yuzidagi narsalardan halol-poklarini yenglar[6].

Yuqorida keltirilgan misolda halol leksimasi oʻrnida lawful bilan tarjima qilingan, biroq halol soʻzi anglatgan ma’noni ifodalab berolmaydi, sababi arab tilida قانوني soʻzi lawfulga ya’ni qonuniyga sinonim boʻladi. Qolaversa, hozirgi paytda koʻplab oziq-ovqat mahsulotlari etiketlarida ham halol soʻzini ayni oʻzi beriladi, chunki halol soʻzi beriladigan tarjimaviy alternativlar uni toʻliq mazmunini ifodalab berolmaydi. Shu sababli halol leksimasi toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzlashtiriladi.

 

Harom – (arab. man qilingan, taqiqlangan ) – Islom dini taʼlimotiga koʻra qilishlikdan eʼtirozsiz qatʼiy qaytarilgan amal. Shariatga koʻra, haromning hukmi shuki, agar kishi Allohdan qoʻrqib uni qilmasa, savob topadi, agar qilsa, jazoga mustahiq boʻladi[7]. Qurʼonda ushbu harom soʻzi 83 marotaba 6 xil shaklda keladi: حَرَّمَ 39, حَرَام 33, حُرُمَٰت 2, مَحْرُوم 4, مُحَرَّم 4, مُحَرَّمَة 1 oʻrinlarda qoʻllanilgan.

  1. Taomlanish va yegulikka oid harom konsepsiyasi [Baqara 2:173], [Oli Imron 3:50,93], [Moida 5:3,87], [Aʼnom 6:119,148,150,151];
  2. Harom makon [Moida 5:26,72];
  3. Harom qilingan oylar [Moida 5:2], [Tavba 9:5,36];
  4. Insonlarning qonini toʻkish [Isro 17:33], [Furqon 25:68];

إِنَّمَا حَرَّمَ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةَ وَالدَّمَ وَلَحْمَ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ بِهِ لِغَيْرِ اللَّهِ He hath only forbidden you dead meat and blood and the flesh of swine and that on which any other name hath been invoked besides that of God. Albatta, U zot sizlarga faqat oʻlimtikni, qonni, choʻchqaning goʻshtini va Allohdan boshqaga soʻyilganni harom qildi[8].

Harom leksimasi ingliz tilidagi Qur’on tarjimasida forbidden, prohibited, prohibited, sacred, unlawful, Al-Masjid Al-Haraam, sanctuary, deprived... kabi soʻzlar bilan tarjima qilingan, ammo yuqorida ta’kidlangan halol leksimasi singari bunda ham Qur’onda anglatgan barcha ma’nolarni ifodalay olmaydi.

Zikr ذَكَرَ feʼlidan kelib chiqib (arab. yodga olish, eslash) kabi maʼnolarni anglatadi. Zikr tushish tasavvufda Allohni madh etish maqsadida ismlarini yodga olish bilan bogʻliq marosim[9]. Qolaversa, ushbu kalima Qurʼon karimda 292 marta 14 xil koʻrinishlarda va turli maʼnolarda qoʻllanilgan. ذَكَرَ 84, ذُكِّرَ 18, تَذَكَّرَ 51, ٱدَّكَرَ 1, تَذْكِير 1, ذَكَر 18, ذِكْرَىٰ 23, ذِكْر 76, ذَّٰكِرَٰت 1, ذَّٰكِرِين 2, مَّذْكُور 1, تَذْكِرَة 9, مُذَكِّر 1, مُّدَّكِر 6 marotaba ushbu shakllarda uchraydi.

  1. Allohni yodga olish [Raʼd 13:28], [Baqara 2:40,47,63,114,122,152,198, 200,231], [Oli Imron 3:41,103], [Muzzammil 8], [Aʼlaa 15], [Inson 25]...;
  2. Namoz oʻqish [Baqara 2:239], [Jumuʼa 9];
  3. Bismillahni aytish [Moida 5:4], [Anʼom 118,119,121,138];
  4. Qurʼoni karimning nomi va uni oʻqish, unga ishora maʼnolarida [ Hijr 15:6,9], [Nahl 44], [Toha 99] [Sod 38:8], [Qalam 51], Qurʼoni karim oʻqish [Qamar 54:17];
  5. Rasululloh alayhissalomga ishora [Taloq 65:10];
  6. Zikr ahli [Nahl 43];
  7. Xabar, eslatma [Kahf 83,101], [Anbiyo 10];
  8. Tavrot. Lavhul Mahfuz [Anbiyo 105] Ulamolar bu oʻrinda “zikr”ni ikki xil taʻriflashgan. Ba’zilar Tavrotdir deyishgan, boshqalari esa Lavhul Mahfuz ma’nosida chiqadi deganlar.

فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ Then do ye remember Me; I will remember you. Be grateful to Me and reject not faith. Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz[10].

قَدْ أَنْزَلَ اللَّهُ إِلَيْكُمْ ذِكْرًا For God hath indeed Sent down to you A Message. Haqiqatan, Alloh sizga zikrni tushurdi[11].

Ushbu oyatda ذِكْرًا Muhammad sallolohu alayhi vassalamga ishora qilib kelgan. Ingliz tilidagi tarjimada message bilan ifodalangan, bu soʻz arab tilidagi رسالة bilan ma’nodosh boʻladi. Bundan tashqari ingliz tilidagi tarjimada quyidagi leksimalar bilan tarjima qilishgan: praises, remember, messege, mention, will take heed, receive admonition, reputation, reminder...

Taqvo – soʻzining lugʻaviy maʼnosi (arab. – saqlanish, tiyilish) boʻlib, “ittaqo”, “taqiya” va “taqvo” shaklida ham qoʻllaniladi. Taqvo soʻzining asl oʻzagi “vaqaya” وقي feʼli hisoblanadi.

Taqvoning istilohiy maʼnosi Allohning amr-buyruqlarini soʻzsiz bajarish hamda nimadan qaytargan boʻlsa, uni qilmaslik Uning azobidan saqlanishni bildiradi.

Qurʼoni karimda taqvo 258 oʻrinda hamda 8 xil koʻrinishda وَقَىٰ 16, ٱتَّقَىٰ 166, أَتْقَى 2, تَقْوَى 17, تَقِيّ 4, تُقَىٰة 1, وَاق 3, مُتَّقِين 49 marotaba, qolaversa, 3 xil maʼnoda keladi:

  1. Allohdan qoʻrqish maʼnosida (nafratidan, qahridan, gʻazabi, nazaridan qolishdan). وَإِيَّايَ فَاتَّقُونِ “Va Mendangina qoʻrqingiz” [2:41].
  2. Toat-ibodat maʼnosida. يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ حَقَّ تُقَاتِهِ “Ey iymon keltirganlar! Allohdan chinakam qoʻrquv bilan qoʻrqingiz” [3:102].
  3. Qalbni gunohlardan poklash. وَمَن يُطِعِ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَيَخۡشَ ٱللَّهَ وَيَتَّقۡهِ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡفَآئِزُونَ It is such as obey God and His Apostle, And fear God and do Right, that will win (In the end). “Kim Allohga va Uning Paygʻambariga itoat etsa hamda Allohdan qoʻrqib, Unga taqvo qilsa, bas, ana oʻshalargina yutuqqa erishguvchilardir” [Nur 24:52].

Xulosa qilib aytganda, bir tildan ikkinchi bir tilga soʻz oʻzlashtirilishida turli sabab va omillar boʻladi: ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-sotiq, diniy va hakozo. Soʻz oʻzlashishida esa 2 xil omilga tayaniladi, oʻzlashtirilayotgan tilda yo oʻsha soʻz mavjud emas, yo umuman oʻsha tushunchaning oʻzi yoʻq boʻladi. Biz yuqorida koʻrib chiqqan Qur’ondagi baʻzi istilohlar ingliz tiliga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzlashishni talab qiladi. Ingliz tilida halol, harom, taqvo bu kabi soʻzlar ham tushuncha ham mavjud emas, Qolaversa, Qur’onda ifodalayotgan barcha maʻnolarni oʻzida mujassam etolmaydi.

Qur’oni Karimda bunaqa istilohlar juda koʻplab uchraydi hamda uni nafaqat ingliz tiliga, balki boshqa tillarga ham tarjima qilishga urinishlarda jiddiy kamchiliklar uchraydi. Bu kabi istilohlar tarjima qilinmasdan oʻz holicha oʻzlashtirilib, izohlab berilsa maqsadga muvofiq boʻladi.